Er-xotin choy ichib o‘tirishibdi.
Xotin:
— Bilasizmi, Afrikadagi ba’zi qabilalarda erlar o‘z xotinlarini sotib yuborar ekan. Mabodo shunday odat bizda ham bo‘lganida meni sotarmidingiz?
Er:
— Yo‘q, men seni sovg‘a qilib yuborardim!

Karantinda uyda o‘tirmaslik uchun "yashil hudud"larni qidirib yuribman. Bog‘lar, dalalar, hiyobonlar o‘tmas ekan!
Bir ayol karantindan keyin sartaroshxonaga kirsa, tibbiy niqob, ko‘zoynak taqqan, qo‘liga tibbiy qo‘lqop kiygan odam turganmish.
— Assalomu alaykum doktor! - desa, haligi odam:
— Men doktor emas, sartaroshman! - dermish.
Ayol kishi boshqarib ketayotgan mashinani YPH xodimi to‘xtatib:
— Hurmatli haydovchi, uzoqdan qarab turibman aniq 80! – desa, ayol:
— Yo‘q! Nimalar deyapsiz?! 80 da emasman. Shunchaki, ko‘ylagim qari ko‘rsatyapti, - dermish.
Nyutonning hali e’lon qilinmagan qonuni:
“Pora bilan qo‘lga tushgan amaldorning qarshiligi 0 ga teng”.
— Charchadim. Ertadan-kechgacha tinim yo‘q. Qo‘yamiz, tushiramiz. Keyin yana qo‘yamiz, yana tushiramiz...
— Nimani?
— Paxta qo‘yamiz-u, qovun tushiramiz.
Diqqat savol.
Qarindoshlikning korrupsiyaga ta’siri qanday?
— Ahmedov, javob ber-chi!
— Bilmayman ustoz!
— O‘tir besh!
— Rahmat, ada.
Akasi singlisiga debdi:
— Kosadagi murabboni yeb qo‘yganimni oyimga aytmagin!
Oyisi ishdan kelsa, singlisi debdi:
— Oyijon, akam murabboni yeb qo‘yganini sizga hech qachon aytmayman!
Bir kuni Xo‘ja Nasriddinga deyishibdi:
— Nasriddin, sizni xotiningiz aqldan ozibdi!
Xo‘ja Nasriddin chuqur o‘yga botibdi.
Undan so‘rashibdi:
— Nimani bunchalik o‘ylab qoldingiz?
Nasriddin:
— Xotinim o‘zi tug‘ilganida aqlsiz edi. Qanday qilib aqldan ozishi mumkin deb o‘ylab qoldim, - degan ekan.
Bir odam ko‘zi o‘tkirligini maqtanmoqchi bo‘lib:
— 25 metr naridagi daraxtda chumoli ketyapti, - desa, yonidagisi:
— Ha, o‘g‘il bola ekan, - dermish.